Joriy yilning 30-may sanasida, Toshkent shahar statistika boshqarmasi boshlig‘i L. Mirsoatov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublika Prezidentining 2025-yil 5-mart sanasida bo‘lib o‘tgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashda ishtiroki” yuzasidan mazmun mohiyatini boshqarma tarmoq bo‘limlari va tuman statistika bo‘limlari xodimlariga qisqacha tushunchalar berib o‘tdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqgan L.Mirsoatovning ta’kidlashicha: avlatimiz rahbari o‘z nutqida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini ta’kidladi.
Shu bois so‘nggi yillarda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Agentlik tashkil qilindi.
Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratildi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib bormoqda.
Avvalo, korrupsiyaning omillariga qarshi kurashilmoqda. Masalan, yerni hokim qarori bilan ajratishdan to‘liq voz kechib, auksion tizimiga o‘tkazilgani natijasida bu tizim xalqchil bo‘ldi. “Shaffof qurilish” dasturi joriy etilganidan keyin bu sohada ham ijobiy o‘zgarishlar sezildi.
Davlat xaridlari bo‘yicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashib, sog‘lom raqobat bo‘lgani uchun o‘tgan yili 14 trillion so‘m budjet mablag‘i tejaldi.
Bugunga kelib, barcha banklar 100 million so‘mgacha maishiy kreditlarni inson omilisiz 5 daqiqa ichida onlayn berayapti. Natijada oldin bu ish bilan shug‘ullangan minglab bankirlar endi mahallaga tushib, odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, mijozini ko‘paytirish bilan ishlayapti.
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Bu sohada murojaatlar soni 2,5 karraga kamaydi.
Oliy ta’lim tizimi ham raqamlashtirildi. Avval test topshirib, to‘plagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash joriy qilindi. 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga o‘tilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamaydi.
Yo‘l harakati xavfsizligi inspektori “bodi-kamera”da xizmat o‘tayotgani, avtoraqamlar auksionda sotilayotgani, qog‘ozdagi bayonnoma yo‘q bo‘lgani uchun korrupsiya omillari keskin kamaydi.
Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib keldi. Chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashdi.
Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa, 11 milliondan oshdi.
Eng muhimi, bular orqali aholi, tadbirkorlar, xorijiy hamkorlarimiz, xalqaro tashkilotlar va investorlarning islohotlarga ishonchi mustahkamlandi. So‘nggi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kirgani, iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sib, o‘tgan yili 115 milliard dollarga yetgani buning isboti.
Prezident korrupsiyaga qarshi kurashish doimiy jarayon ekanini aytib, bu boradagi dolzarb masalalarni va kelgusi vazifalarni ko‘rsatib o‘tganligi ta’kidlab o‘tildi.