22/05/2026

Joriy yilning 22-may sanasida Toshkent shahar statistika boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 19.05.2026-yildagi “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish hamda oilaviy maslahat xizmatlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 257-son qarorining mazmun-mohiyatini xodimlarga tushuntirish yuzasidan seminar o‘tkazildi.    

Yigilishni boshqarma boshligʻi o‘rinbosari A.Azimov kirish soʻzi bilan ochib, kun tartibidagi masalalarga toʻxtalib o‘tdi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori mazmun-mohiyati haqida xodimlarga tushuncha berdi.  

Shundan so‘ng boshqarma boshligʻi o‘rinbosari A.Azimov ushbu qarorning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmoniga muvofiq, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini takomillashtirish, huquqiy va psixologik xizmatlar koʻrsatish, ota-onalikka tayyorlash taʼlim dasturlari orqali masʼuliyatli ota-onalik koʻnikmalarini shakllantirish va oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash etib belgilanligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, vazkur qarorda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari huzuridagi Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari negizida tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari tizimida yuridik shaxs boʻlmagan Oila va xotin-qizlar maskanlarini (keyingi oʻrinlarda — maskanlar) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanganligi, Maskanlarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanganligi to`g`risida batafsil ma`lumot berib o`tildi, xususan:

nikohlanuvchi yoshlar, oilasida muammosi boʻlgan, nikoh qurganiga 5 yil toʻlmagan hamda oilaviy ajrim bilan bogʻliq nizoli oilalarni alohida dasturlar asosida oʻqitish;

psixologik, huquqiy, mediativ, tibbiy, mentorlik yoʻnalishlarida oilaviy maslahat xizmatlarini koʻrsatish;

yoshlar uchun giyohvandlik, erta tugʻruq va erta nikohning oqibatlari, yot gʻoyalarga qarshi immunitetni shakllantirishga qaratilgan oʻquvlar tashkil etish;

nikohlanuvchi yoshlar uchun oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va budjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, oilaviy-huquqiy munosabatlar hamda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash, shu jumladan, oiladagi nizolarni zoʻravonliksiz hal etish madaniyatini shakllantirish masalalari boʻyicha “maishiy zoʻravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus kurslarini tashkil etish;

profilaktika hisobida turgan ayollarga stress, qoʻrquv va ishonchsizlikni yengish hamda ijtimoiy moslashuv dasturlarini tashkil etish;

oilasida muammosi boʻlgan, nikoh qurganiga 5 yil toʻlmagan oilalar uchun oilaviy muammolarni bartaraf etish koʻnikmasini shakllantirish, bola psixologiyasi, ota-onalikni rivojlantirishga qaratilgan taʼlim dasturlarini amalga oshirish;

oilaviy ajrim bilan bogʻliq, sud va FHDY organlariga ariza bergan nizoli oilalar bilan alohida ishlash, muloqotni tiklashga qaratilgan mashgʻulotlar oʻtkazish, oilaviy ajrimlarning oqibatlari yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish;

migratsiyadan qaytgan, ogʻir ahvoldagi ayollarning ruhiy va hissiy salomatligini tiklash, ularning jamiyatga integratsiya qilinishi yuzasidan kuzatuv va qoʻllab-quvvatlash dasturlarini yoʻlga qoʻyish;

zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxslar uchun zoʻravonlik holatlarining salbiy oqibatlari va qonuniy javobgarligini tushuntirish, hissiyotlarni boshqarishni oʻrgatish;

sogʻlom ovqatlanish, nutritsiologiya, diyetologiya boʻyicha maslahatlar berish, sport-sogʻlomlashtirish tadbirlarini tashkil etish;

lider tadbirkorlarni jalb qilgan holda, zamonaviy tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha xotin-qizlarga maslahatlar berish;

“Xavfsiz migratsiya”ni taʼminlashda ayollarga koʻmaklashish, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan daromadli kasb-hunar va xorijiy tillarga oʻqitish, konsalting xizmatlarini tashkil etish.

Seminar yakunida Boshqarma bosh yuriskonsulti F.Tursunov ham so‘zga chiqib, yuqoridagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori haqida xodimlarga qo‘shimcha ma’lumotlar berib o‘tdi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech