Joriy yilning 9-aprel sanasida Toshkent shahar statistika boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 18.03.2025-yildagi “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2024-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi hamda 2025-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi SQ-102-V-son qarori mazmun-mohiyatini xodimlarga tushuntirish yuzasidan seminar o‘tkazildi.
Yig‘ilishni boshqarma boshligʻi L. Mirsoatov kirish soʻzi bilan ochib, kun tartibidagi masalaga toʻxtalib o‘tdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 18.03.2025-yildagi “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2024-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi hamda 2025-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi SQ-102-V-son qarorining mazmun-mohiyati haqida tushuncha berdi.
Shundan so‘ng boshqarma boshligʻi, ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi SQ-297-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining (bundan buyon matnda Strategiya deb yuritiladi) 2024-yilda ijrosi yuzasidan qabul qilinganligini, qarorda jumladan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga, xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 14 ta normativ-huquqiy hujjat (2 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta Farmoni va 2 ta qarori hamda hukumatning 9 ta qarori) qabul qilinganligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv dasturlari doirasida 827 nafar xotin-qiz o‘qitilganligi, siyosiy partiyalar tomonidan xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan “Siyosatchi ayol”, “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovlari, “Deputat va yoshlar”, “Siyosatga marhamat”, “Liderlar onlayn maktabi”, “Men muvaffaqiyatli ayolman”, “Men lider ayolman”, “Men deputat bo‘laman” mavzularida tadbirlar o‘tkazilganligi, 2024-yilda o‘tkazilgan saylovlar natijasida xotin-qizlar ulushi Senatda qariyb 27 foizga, Qonunchilik palatasida 38 foizga, mahalliy Kengashlarda 32,5 foizga yetganligi shuningdek imtiyozli kreditlar, maxsus kvotalarning ajratilishi, magistraturada ta’lim olish uchun kontrakt to‘lovlarining Davlat budjetidan qoplab berilishi natijasida xotin-qizlarning oliy ta’limdagi soni 813 ming nafarni (bakalavrda 52,4 foiz, magistraturada 62,3 foiz) tashkil etganligi ma‘lumot uchun qabul qilinganligi ko‘rsatib o‘tdi.
Mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi:
ikki oy muddatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha Maslahat kengashlari faoliyati tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Hukumatga kiritish;
2025-yil 1-avgustga qadar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Jahon iqtisodiy forumining “Global gender tafovuti” indeksida O‘zbekiston o‘rnini yaxshilashga to‘sqinlik qilayotgan omillarni tahlil qilish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash topshirig‘i berilganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi 2025-yil 1-iyulga qadar ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish asosida “Gender Data Compass” reytingida inobatga olinuvchi gender statistikasiga oid ko‘rsatkichlarni xalqaro talablarga muvofiq shakllantirish va mazkur ko‘rsatkichlarni gender.stat.uz portaliga doimiy joylashtirib borishi zarurligi belgilanganligini aytib o‘tdi.
Mazkur qaror bilan “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlanib, qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi birinchi o‘rinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklanligi aytib o‘tildi.