Qishloq xo‘jaligi – iqtisodiyotning eng qadimiy, ammo bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan asosiy tayanch tarmoqlaridan biri sanaladi. Raqamlar bunga yaqqol misoldir: mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining qariyb 30 foizi aynan ushbu sohaga to‘g‘ri keladi.
Aholining yarmidan ko‘pi qishloq hududlarida istiqomat qilayotganini inobatga olsak, ularning hayot sifati, daromad manbasi va farovonlik darajasi bevosita qishloq xo‘jaligi rivoji bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu bois butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi global muammoga aylangan bir paytda, O‘zbekiston ham agrar sohani tubdan isloh qilish yo‘lida qat’iy qadamlar qo‘ymoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga investitsiyalarni keng jalb etish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, sohaga oid infratuzilmani mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, agroklasterlar tizimi yo‘lga qo‘yilib, mahsulot yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash va bozorlarga chiqarishgacha bo‘lgan yagona zanjir yaratilib, zamonaviy agrobiznes modeliga asos solinmoqda.
So‘nggi davrlarda past hosildorlikka ega paxta va g‘alla maydonlari o‘rnida meva-sabzavot, ozuqa ekinlari ekilishi, intensiv bog‘lar, tokzorlar, issiqxonalarning tashkil etilishi bu boradagi yangilanishlarning amaliy ifodasidir. Chorvachilik yo‘nalishida ham qo‘y, echki, qoramol va parrandachilik xo‘jaliklari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, baliqchilik tarmog‘i rivojlantirilmoqda.
Shuningdek, davlat tomonidan bu sohalarga ko‘rsatilayotgan tizimli yordamlar, subsidiya va imtiyozlar agrar sektorda samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda. Biroq bu islohotlar samaradorligini to‘liq baholash va tahlil qilish uchun ishonchli statistik ma’lumotlarga ehtiyoj mavjud.
Shu bois, qishloq xo‘jaligi subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish – bugungi kunning dolzarb masalasiga aylandi. Bu tadbir orqali agrar faoliyatning asosiy ko‘rsatkichlari, sohaning holati va tarkibi, ishlab chiqarish imkoniyatlari hamda yer resurslaridan foydalanish holati bo‘yicha rasmiy statistik ma’lumotlar shakllantiriladi.
E’tiborlisi, mustaqillik yillarida mamlakatimizda ilk bor to‘liq qamrovda bunday ro‘yxatga olish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu – tarixiy ahamiyatga ega jarayon bo‘lib, mavjud hisob-kitob tizimlarini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Zero, zamonaviy, raqamli va real statistikaga asoslangan qishloq xo‘jaligi sohasi – barqaror rivojlanish, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi turmush farovonligining muhim kafolatidir.