Joriy yilning 12-mart sanasida Toshkent shahar statistika boshqarmasi boshligʻi L.Mirsoatov kirish soʻzi bilan ochib, kun tartibidagi masalalarga toʻxtalib o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-27-sonli Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-75-sonli Qarorlari mazmun-mohiyati haqida tushuncha berdi.
Shundan so‘ng, boshqarma boshligʻi L. Mirsoatov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-27-sonli Farmoni mamlakatimizda statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini ilg‘or xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonida barcha subyektlarni haqqoniy va sifatli statistik ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida qabul qilinganligini, Farmonda statistika ishlari samaradorligini yanada oshirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilganligi aytib o‘tdi, xususan:
- makroiqtisodiyot va tarmoqlar darajasida statistik kuzatuv o‘tkazish tizimini hamda ularning metodologiyasini xalqaro standart tavsiyalariga muvofiq takomillashtirib borish;
- integratsiya jarayonlarini kengaytirish orqali statistik hisobotlarni qisqartirish va biznesga hisobot topshirish yukini kamaytirib borish;
- “mahalladan – respublikagacha” tamoyili bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish tizimini yaratish orqali ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash;
- xorijiy statistika organlari hamda sohaga oid xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, ular yordamida kadrlar salohiyatini oshirish
- aholi, tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari ehtiyojidan kelib chiqib yangi statistik mahsulot va xizmatlarni joriy etish.
Shuningdek, Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilib, statistika ishlarini tashkil etish tizimini yaratishga ko‘maklashish hamda rasmiy statistikani tayyorlovchilarning sohaga oid faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Respublika statistika kengashi tashkil etilganligi, Respublika statistika kengashi rasmiy statistikani yuritish tizimini rivojlantirish, muvofiqlashtirish va faoliyat ko‘rsatishiga oid masalalar bo‘yicha kollegial maslahat organi etib belgilanganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, Milliy statistika qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda tizimdagi barcha bo‘linmalarning faoliyatini to‘liq qamrab oluvchi 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy oylik samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) tasdiqlash belgilanganligi, shuningdek mazkur Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom, Respublika statistika kengashi to‘g‘risidagi nizom, Milliy statistika qo‘mitasi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlari xodimlarining yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlari va Rasmiy statistika sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilinganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbir yakunida Boshqarma Bosh yuriskonsulti F. Tursunov ham so‘zga chiqib, yuqoridagi Prezident Farmoni va qarori haqida xodimlarga qo‘shimcha ma’lumotlar berib o‘tdi.